O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni munosabatlarida yangi davr

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan 17-18 iyul kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Bugungi kunda Islom hamkorlik tashkiloti 1 milliard 700 million aholi yashaydigan 57 ta davlatni birlashtirgan dunyodagi eng yirik xalqaro tuzilmalardan biridir. O‘zbekiston IHTga 1996 yilda a’zo bo‘lganidan buyon tashkilot bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy, madaniy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.

Uchrashuvda ushbu nufuzli xalqaro tuzilma hozirgi zamon xatarlari sharoitida islom qadriyatlarini asrab-avaylash, musulmon xalqlari o‘rtasida hamjihatlik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston bilan IHT o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi darajasi, ularni barcha dolzarb yo‘nalishlarda yanada kengaytirish istiqbollari yuksak baholandi.

Husayn Ibrohim Toha O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkilotida alohida o‘rin tutishi, mamlakatimiz ilgari surayotgan loyiha va dasturlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. IHT mamlakatlari turizm vazirlari tomonidan Xiva shahri 2024 yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb e’lon qilingani bilan tabrikladi. O‘zbekiston o‘zining ko‘plab tarixiy-me’moriy yodgorliklari, turfa xil iqlimi va tez sur’atlarda rivojlanishi bilan butun dunyo diqqatini o‘ziga tortmoqda.

O‘zbekiston bundan buyon ham ta’lim, fan, innovatsiyalar sohalarida, iqlim o‘zgarishi masalalarida IHT bilan hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratishi ta’kidlandi.

Oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyat hayoti va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish kabi muhim ijtimoiy yo‘nalishlarda, shu jumladan, IHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashishga kelishib olindi.

O‘zbekistonning fan va ta’lim sohalaridagi boy salohiyati qayd etilar ekan, IHT mamlakatimiz bilan tashkilotga a’zo rivojlanayotgan davlatlarda yoshlarni o‘qitish va malakasini oshirish borasida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Saidaxmedova Aida Mirzayevna,

 Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

Bank ishi va investitsiyalar kafedrasi

katta o‘qituvchisi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг