Rivojlanayotgan mamlakatlarda fond bozori rivojlanishining iqtisodiy oʻsishga taʼsiri

Shamansurova Zilola Shamansurovna,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti

 

Bugungi kunga kelib davlatlar tomonidan suveren obligatsiyalarni, yirik korporativ tuzilmalar tomonidan korporativ obligatsiyalarni xorijiy valyutada xorijiy davlatlarda joylashtirish amaliyotining muntazam ravishda amalga oshirib kelinayotganligi xalqaro obligatsiyalar bozori rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Bu o‘z navbatida emitentlarning xalqaro moliya bozoridan katta miqdorda kapital jalb qilish orqali zarur sohalarni rivojlantirishga imkon bermoqda.

Xalqaro obligatsiyalar bozorida xorijiy obligatsiyalar an’anaviy instrumentlar hisoblanadi. Xorijiy obligatsiyalar xorijiy davlat tomonidan unga nisbatan xorijiy bo‘lgan valyutada sotilgan obligatsiyalardir. Bunday obligatsiyalar yevroobligatsiyalar tushunchasi bilan ham qo‘llaniladi va bunga sabab birinchi maxsus xalqaro obligatsiyalar AQSh kompaniyalari tomonidan Yevropa fond birjalarida sotish uchun chiqarilganligi bilan izohlanadi.

Yevroobligatsiyalar muomalaga chiqarish ma’lum bir tayyorgarlik ishlarini va xarajatlarini talab qiladi. Lekin boshqa tomondan nisbatan past foizlarda uzoq muddatli yuqori miqdordagi moliyaviy resurslar jalb qilish imkonini beradi.

Odatda yevroobligatsiyalar kamida 3 yilga chiqariladi, eng keng tarqalgan muddat sifatida 5 yillik muddat keltiriladi. Dunyoga mashhur kompaniyalar tomonidan muomalaga chiqariladigan yevroobligatsiyalar 15 yildan 30 yilgacha bo‘lgan muddat bo‘yicha amal qiladi.

Yevroobligatsiyalar bozoriga chiqish aniq dastur asosida tayyorgarlik ko‘rish va emissiya qilish, chet eldan moliyaviy konsultantlar va anderrayterlar jalb qilish, xalqaro investorlar uchun taqdimotlar o‘tkazish, huquqiy xizmat uchun to‘lovlar va boshqalar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan yuqori miqdordagi xarajatlarni talab qiladi. Yevroobligatsiyalarni muomalaga chiqarish bilan shug‘ullanuvchi dunyoga mashhur tashkilotchilar sifatida Deutche Bank, ABN Amro, CSFB, UBS, DrKW, Citigroup, J.P.Morgan kabilarni keltirish mumkin.

Rivojlangan mamlakatlar hukumati tomonidan yevroobligatsiyalar bozorini tartibga solinishining biror bir mezoni o‘rnatilmaganligiga qaramasdan emitentlar odatda xalqaro obligatsiyalar birlamchi bozori ishtirokchilari assotsiatsiyasi Xalqaro qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari assotsiatsiyasi standartlari va talablari asosida boshqarib boriladi. Mazkur qimmatli qog‘ozlarning asosiy savdo markazi tarixan London hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda yevroobligatsiyalar muomalasi Angliya moliya xizmatlari agentligi tomonidan ham tartibga solinadi va bu agentlik tegishli hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha talablar bajarilishining qat’iy nazoratini amalga oshiradi. Bunda xalqaro standartlar bo‘yicha tuzilgan uch yillik ijobiy auditorlik hisoboti, S8P, Fitch, Moody’s va boshqa yetakchi agentliklarning kredit reytingi majburiy talablar sifatida belgilangan. Shuningdek, kompaniya egalari haqidagi axborotlarning to‘liq, ochiqligi, qarz oluvchining asosiy aksiyadorlari pasport nusxasigacha talab qilinadi.

Yevroobligatsiyalarni muomalaga chiqarish jarayonida yuristlar xizmatlari bo‘yicha xarajatlar miqdori 600 mingdan 1 million AQSh dollarigacha tashkil etishi kuzatiladi. Anderrayterning o‘rtacha komissiya haqi esa odatda muomalaga chiqarilgan yevroobligatsiya umumiy summasining  0,5-0,7 foizini tashkil etadi.

Yevroobligatsiyalar odatda London yoki Lyuksemburg fond birjalarida sotiladi. Lekin ular savdosining kattagina qismi birjadan tashqari bozorlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bugungi kun amaliyotida kompaniyalar milliy valyutadagi korporativ obligatsiyalar bilan bir qatorda, yevroobligatsiya deb ataluvchi xorijiy valyutadagi qimmatli qog‘ozlarning ham xalqaro fond birjalarida muomalasi kuzatilmoqda. Yevroobligatsiyalar (Ing eurobond) mamlakatdan tashqarida qattiq valyutada sotiladigan oobligatsiyalardir. Yevroobligatsiyalar muomalaga chiqarish ma’lum bir tayyorgarlik ishlarini va xarajatlarni talab qiladi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг